Menyu

Kitob va ijod – ma’naviyat ko‘zgusi

So‘nggi yillarda yurtimizda kitobxonlikni rivojlantirish, milliy adabiyot va madaniyatni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor berilyapti.
Ma’lumki, bu yil buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi diyorimiz bo‘ylab keng nishonlandi. Ayni yo‘nalishdagi ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar yurtimizdagi turli tashkilotlar bilan bir qatorda xorijdagi vatandoshlarimizni ham qamrab olgani quvonarli. Umuman, bunday tadbirlar ulug‘ ajdodlarimizning bebaho merosini yoshlar qalbiga chuqur singdirish, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, yaqinda “Vatandoshlar” jamoat fondi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etdi. Anjuman doirasida qator yangi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Jumladan, Tojikistonda istiqomat qilayotgan vatandoshimiz, ijodkor O‘rinboy Usmon tomonidan nashrga tayyorlangan “Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi” kitobi keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Mazkur asarda 50 dan ziyod adiblarimiz merosi jamlangan.

Shuningdek, Sayfullo Qulayevning “Yorkitob”, Sultonmurod Hojiboyev qalamiga mansub “Yaxshi bola qanday bo‘ladi?” Sabohat Dustchanova va Abduvali Yo‘ldashev hammuallifligida yaratilgan “Qozog‘iston o‘zbeklarining nomoddiy madaniy merosi” nomli asarlar taqdimoti ham yig‘ilganlarda iliq taassurot qoldirdi. Ushbu kitoblar turli mamlakatlarda yashayotgan vatandoshlarimizning adabiy merosi, ma’naviy qadriyatlarimiz va milliy an’analarimizga sadoqati haqida hikoya qiladi.

Anjuman dasturiga muvofiq, yana bir muhim tadbir – buyuk mutafakkirlar Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan “Ijodiy ishlar tanlovi” g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Nazm, Navo, Sahna ijodkorligi, Insho va Tasviriy san’at singari besh yo‘nalishda tashkil etilgan mazkur tanlovga xorijda istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz 700 dan ko‘p ijodiy ish yubordilar. Hakamlar hay’ati tomonidan 90 ga yaqin eng sara ijod namunalari e’tirof etilib, mualliflar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mazkur tadbirlar nafaqat adabiy jarayonni rivojlantirish, balki dunyoning turli mamlakatlarida yashayotgan vatandoshlarimizni milliy madaniyatimiz va adabiyotimiz atrofida birlashtirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli. Ayniqsa, buyuk allomalarimiz merosini targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida ijodga, kitobga va milliy qadriyatlarga muhabbat uyg‘otishda bunday tashabbuslarning o‘rni beqiyosdir.

Abdurauf Zokirov,

“Vatandoshlar” jamoat fondi

axborot xizmati rahbari