“Vatandoshlar” jamoat fondi hamda O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi hamkorligida Boku shahrida buyuk mutafakkir va so‘z mulkining sultoni Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Tadbirlar Hazrat Navoiyning Boku shahrida qad rostlagan haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Unda buyuk ajdodimiz xotirasiga chuqur ehtirom bajo keltirildi.
Shundan so‘ng Ozarbayjon Fanlar akademiyasida yuzga yaqin ishtirokchi qatnashgan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda elchilar, professor-o‘qituvchilar, yetuk tadqiqotchilar, talabalar hamda Ozarbayjonda istiqomat qilayotgan vatandoshlar faol ishtirok etdilar. Ijodiy kecha Hazrat Navoiyning bebaho adabiy merosini keng targ‘ib etish, yoshlar qalbida milliy g‘urur va ma’naviyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
09.02.2026
3