Yaqinda Boku shahrida yurtimizning Ozarbayjondagi elchixonasi hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi hamkorligida buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar o‘tkazildi.
Yig‘in Boku shahrida qad rostlagan Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston elchilari, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektorlari, “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillari, shuningdek, Ozarbayjonda istiqomat qilayotgan bir qator vatandoshlarimiz ishtirok etdi.
Shu kuni Ozarbayjon Respublikasi Fanlar akademiyasida Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon FA rahbariyati, akademik Iso Habibbayli, diyorimizning Bokudagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov, Turkiyaning Ozarbayjondagi elchisi Birol Akgo‘n, “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillari, shuningdek, bir qator olimlar, tadqiqotchilar, talabalar, jamoat arboblari va vatandoshlar ishtirok etishdi.
Anjuman davomida Hazrat Alisher Navoiyning jahon adabiyoti va ma’naviyati taraqqiyotida tutgan beqiyos o‘rni, uning turkiy xalqlar ma’naviy birligi va madaniy yaqinligini mustahkamlashdagi xizmatlari alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar Navoiy merosi bugungi kunda ham xalqlar o‘rtasida do‘stlik va ma’naviy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdilar.
Bokuda o‘tkazilgan mazkur tadbirlar buyuk mutafakkir merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, turkiy xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
11.02.2026
15